Elyor Hoshimov

Elyor Hoshimov
03-Sentabr 1976da tavallud topgan

45 yoshda



Rasmiy sahifalari:
San’atkorlar oilasi:
Otam (Shuhrat Qahhorov – dramaturg) o‘zi san’atkor bo‘lgani uchun barcha farzandlarining ham san’at yo‘lini tanlashini istagan va bu borada bizni doimo qo‘llab-quvvatlab kelgan. Oilamizdagi muhitning o‘zi ham bizni san’at “domiga tortgan” desam adashmayman. Chunki, esimni taniganimdan buyon xonadonimizdan san’at ahli arimasdi. Uyimizda otam tez-tez uyushtirib turadigan yig‘inlarga Erkin Komilov, Matyoqub Matchonov, Murod Rajabov kabi taniqli va iste’dodli san’atkorlar tashrif buyurardi. Mana shunday muhit biz – to‘rt aka-ukalarni san’at bilan hamnafas qildi. Hozirda akalarim Baxtiyor, Shahriyor va ukam Xurshid bilan bir sohada faoliyat olib boramiz. (Baxtiyor Hoshimov – operator, Shahriyor Hoshimov – studiya rahbari, Xurshid Hoshimov – direktor).

Talabalik – oltin davrim:
Toshkent davlat teatr va rassomchilik instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti) ga bir necha yillik harakatlardan so‘ng qabul qilinganman. Talabalik baxtiga muyassar bo‘lganimdan o‘ta quvonganman. Vaqti kelganida “yotib olib” o‘qiganman, yana vaqtida sho‘xlik ham qilganman. Biroq institutda intizom kuchli bo‘lganidan, biror marta o‘qishga galstuksiz bormaganman. Talabalik chog‘imdayoq ijod qilishga kirishganman. Kino olamidagi ilk ishim rejissor Rustam Sa’diyevning “Muhabbat sinovlari” filmida aktyorlik va rejissorga yordamchilik bo‘lgan. Bu men uchun juda foydali amaliyot vazifasini o‘tagan.

Nega aynan drama?
Rejissorlik ishimni komediyadan boshlaganman. 2007-yili Murod Rajabovning “Ulfatlar” filmini ishlashda ikkinchi rejissor sifatida ishtirok etganman. Biroq shu filmdan so‘ng komediya janrining menga to‘g‘ri kelmasligiga amin bo‘lgach, drama janriga murojaat qilganman. Otam dramaturg bo‘lgani uchun barcha filmlarimizning ssenariysi bilan u kishi shug‘ullanadi. Filmlarimning bor muvaffaqiyati otamning talabchanligi sharofatidan desam hecham adashmagan bo‘laman. Chunki otam “pishmagan” ssenariy bilan boshlangan ish muvaffaqiyatli yakunlanmasligini doimo ta’kidlab keladi. Shu sababli filmlarimiz soni ko‘p emas. To‘g‘risini aytganda, tomoshabinni yig‘latish juda qiyin. Ayniqsa, hozirgi paytda tomoshabinlar asosan “grotesk” (bo‘rttirilgan, mubolag‘ali) yo‘nalishidagi komediyalarga o‘ch bo‘lib bormoqda. Bunday vaziyatda muxlislar diqqatini komediyalardan olib, chuqur dramatik filmlarga qaratish o‘ta murakkab masala, deb o‘ylayman.

Tarixiy mavzuda film olishni istardim:
Gollivudda olinayotgan tarixiy filmlarni ko‘rib, o‘zimizning ajdodlarimiz to‘g‘risida ham ana shunday keng ko‘lamli kartinalar suratga olishga havasim keladi. 2003-yili otam (Shuhrat Qahhorov) Boborahim Mashrab hayoti haqida kitob yozgan edi. U tarixiy film olish uchun tap-tayyor ssenariy. Afsuski bu niyatni amalga oshirish uchun moliyaviy imkoniyatlar kamlik qildi. Aynan biz xohlagan ko‘rinishda film yuzaga kelishi uchun yetarli sifatdagi liboslar, dekoratsiya, ommaviy sahnalar zarur edi. Bundan tashqari, bunday tarixiy filmlar odatda chekka viloyatlarda suratga olinadi. Shunday qilib, byudjet bilan bo‘lgan muammolar sababli hozircha bu niyatni amalga oshira olmay turibmiz.

Tomoshabinlar taassurotini bilish – men uchun qiziq
Yangi filmim premyerasi tugagach, tomoshabinlar zalni tark etayotgan mahal chiqish eshigi oldida turib olib, tomoshabinlarni kuzataman – shu yo‘l bilan ularning film haqidagi taassurotlarini bilib olishga intilaman. Turli taassurotlarga guvoh bo‘lganman, biroq, shukrki, muxlislarimiz asosan, ijobiy xulosalar bilan premyeramizni tark etadi. Filmlarimda mavzu jihatdan keng auditoriyani qamrab olishga harakat qilaman. Shuning uchunmi, filmlarimni yoshu qari birdek tomosha qilayotganiga guvoh bo‘laman. Bu albatta yaxshi, chunki, filmdan ta’sirlangan, uning tarbiyaviy ahamiyatini ko‘rgan ota-onalar o‘z farzandiga shu filmni ko‘rishni tavsiya qiladi. Xuddi shuningdek, yoshlar ham yaxshi filmga kattalarni olib keladi.

manba: https://daryo.uz/2013/08/07/dramatik-filmlar-rejissori-elyor-hoshimovning-hayotiy-bitiklari/

Elyor Hoshimov kinolari

2014Sevgi balki bu jannat ...
2014Bezabonim ... postanovkachi rejissor
2008Ulfatlar 2 ... prodyuser kartina direktori
2004Muhabbat Sinovlari 2 ...

! Agar ushbu sahifaga o`zgartirish kiritishni yoki qo`shimcha ma`lumot qo`shishni istasangiz, bizga habar yuboring


UZ
https://buluteka.com/i/801/elyor-hoshimov